Jahondagi globallashuv jarayonlarining kengayib borishi sharoitida turizmning aholini ish bilan bandligini ta’minlashdagi yuqori salohiyatidan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda. Turizmning barqaror rivojlanishiga investitsiyalarning ta’siri, tarmoqning mehnat talab qilish salohiyatini baholash uslubiyotini takomillashtirish, tarmoqdagi daromad yoki kapital qo‘yilmalar darajasining ish o‘rinlari yaratishga bog‘liqligi, turizm tarmog‘ida mintaqalararo va xalqaro pul oqimlarini tartibga solish, turizm sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, mehnat faoliyati mavsumiyligi ta’sirini pasaytirish, chekka hududlarga mahalliy hamda xorijiy turistlarni jalb etish orqali turizm sohasida band bo‘lgan aholi sonini oshirish bu boradagi tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.